Oʻzbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning anʼanaviy madaniy merosini qayta tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda yurtimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va anʼanalarini saqlash hamda rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratilgan. Turli millatlar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Millatlar aro totuvlik va diniy bagʻrikenglik gʻoyalarining yoshlar tarbiyasidagi oʻrni” mavzusidagi seminar ham shu maqsadga qaratilgan. Ushbu seminarda milliy madaniy markazlar, diniy kanfessiyalar va turli millatga mansub yoshlar ishtirok etib, qadriyatlari, urf odatlari aks ettirilgan koʻrgazma tashkil etildi. Uchrashuv davomida viloyatda mavjud 7 nafar milliy madaniy markaz rahbarlari oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar. Ushbu seminar aholi ayniqsa, yoshlar oʻrtasida hamjihatlik, ahillik va bagʻrikenglik gʻoyalarining qaror topishida mustahkam oʻrin tutadi.